понедельник, 17 февраля 2014 г.

Jurnalistdan hech kim qo`rqmaydi!






Hozir, dedlaynga bir soat nari-berisi vaqt qolganida, kursdoshlarim davrasida, yakunlangan semestr g`iybatini tinglab, o`tgan kuni tug`ilgan kunimda sovg`a qilingan “Arsenal” formasiga burkanib, shiringina bo`lib o`tiribman. O`z bekorchixo`jaligim bilan ko`p maqtansamda, shu kungacha bir satr yozishgayam imkonim bo`lmagandi. Mendeleyev emasmanki, u tushlarida jadval tuzgan kabi, men ham uxlayotganimda blogpost uchun mavzu topa olsam. Yoki, Chaykovskiyga o`xshab, faqat tushlarimda ijod qilib chiqsam. Lekin, shunday qor ko`p yoqqan qish kunlarining birida, qalovini topib, qor yondirish mumkinligi haqidagi matalni eslab, o`zimga dalda beraman va yozishga kirishaman. Ushbu blogpost mavzusini davramizda kechayotgan suhbat belgilab berdi.

Ikki yil muqaddam, darslaridan birida, twitter va jurnalistika olamiga ma`lum-u mashhur “qaynotamiz” “Jurnalistdan hamma, hattoki hammani qo`rqitadigan jonajon militsiyamiz ham qo`rqadi” deb qo`ygan edi.

To`g`ri, balki yaqin o`tmishda yozuvchi-jurnalistlar mahalla mirshablarini qo`rqitar darajada bo`lmasada, undan keyingi o`rinda turadigan shaxs hisoblangandur ham. Unga ham xuddi hokimiyat vakiliga qulluq qilgandayin hurmat bajo keltirishgan, xuddi xosiyatli bir tushni ardoqlagandayin, uni ham ardoqlashgan bo`lsa bordir. Shuningdek, uning shaddod qalami ostidan nimaiki chiqsa, yutoqib o`qir  edilar-da!..

O`sha muborak zamonlarda jurnalistlar azbaroyi jonkuyarlik bilan yonib-yonib, muvaffaqiyat uchun tirishgandir deb o`ylaysizmi? Xuddi shu so`zlar lotin imlosida yozilayotgani qanchalik haqiqat bo`lsa, ijodkor toifasi qanchayin dangasa xalq ekani shu qadar ayonku!?

Jurnalistdan nega hech kim zig`ircha qo`rqmasligi uyoqda tursin, hatto mensimay qo`ygan? Umuman, jurnalist deganda kim keladi ko`z o`ngingizga? O`n yillar oldin esa, yana bir o`qituvchi opamiz, jurnalistlar uchun ideal qiyofa sifatida Gi de Mopassanning “Belami”sini taklif qilgandi. Ha, albatta undan, dresskod uchun namunaviy jihatlarni qabul qilish ham mumkin, lekin, bizda na yuksak martabali tadbirlar va na fransuzcha uslubda kiyinish imkoniyati bor. Niyat bordiru, imkoniyat yo`q :)

“Jurnalistik tekshiruv”dan dars o`tgan aka esa, tekshiruv o`tkazayotgan jurnalistning xarajatlari, masalan morg qorovuliga ataydigan choychaqasi yoki, Samarqandga borib, yashab, ishlab, qaytish davomidagi sarflarini tahririyat qoplaydimiligini so`raganimda, “Yo`q” degan..

Endi tasavvur qiling, derazadan qarab, ikki yillardan beri yangisiga almashtirilmaydigan, anchadan beri ximchistka ko`rmagan syurtigiga o`ranib, gonorarini tushlik va yo`lkiraga sarflab tugatishdan tiyilgan kamsuqumgina qahramonimiz yayov o`tib bormoqdaligini ko`rib qoldinggiz. “Qoch, jurnalist kelmoqda!” deb, qo`rqqaninggizdan eshik-derazalarni ichkaridan tambalab olishingizni esa, men tasavvur qila olmaymanku.


Xullas, "to`rtinchi hokimiyat" deb iddao qiladiganimiz jurnalistikaning ahvoli tanqiddan tuban. Faqat o`zimizgina muqaddas deb biladigan kasbi-korimiz, boshqa hammaning ko`ziga ta`magirlik, yugurdaklik va tekinxo`rlik sifatida ko`rinadigan bo`lib qolgan. To`g`ridan ham, bu kasb bir tiyinga qimmat.  Chiqaradigan gazetalarimiz ham bir tiyinga qimmat - makalatura bo`lishga yaraydi xolos. Yozadiganlarimizdan birovga bir tiyinlik foyda bo`lmaydi - na biron narsani ko`tarib chiqa olamiz, na bir ojizona ovozimiz bilan hurib qo`yib, bironnimani o`zgartira olamiz. Aslanov-u Muxrim va Diyorlar "Chempion" va "Stadion"da shuncha yozib, bironta orzusiga erishish tugul, birgina taklifi haqida kimdur jiddiy o`ylab ko`rdimi? Kimdadur hafsala qoldimi?.. 
Qolaversa, fakul`tetlarimizda shunday lo`ttiboz, qo`rqoq va saviyasiz o`qituvchilar dars o`tishi esa, muhitni yomonlashtirgandan-yomonlashtiradir.

Avlodlar ketidan avlodlar kelaveradi, avlodlar ketidan avlodlar kelib shu botqoq muhitga qulayveradi.

2 комментария:

  1. Qolaversa, fakul`tetlarimizda shunday lo`ttiboz, qo`rqoq va saviyasiz o`qituvchilar dars o`tishi esa, muhitni yomonlashtirgandan-yomonlashtiradir.
    -----------------------------------------------------------------
    Afsuski, Shu joyiga qo'shilmasdan ilojim yo'q!

    ОтветитьУдалить
  2. Hatto militsiyani qo`rqitadigan jurnalistlar bor. Ular oxirini o`ylagan qahramon bo`lolmaydi qabilida yozaveradi :-)
    Lekin ular ish topa olmaydi, ammo ularni obro`si balandligidan odamlar yordam istab o`zlari so`rab kelishadi. Yordam berib pulini ham olib yuraverishadi ;)

    ОтветитьУдалить